Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
IPAK ShAHRINING BEBAHO AN’ANALARI
2017-09-28 10:50:24 779
Qadimiy va boy tarixi, betakror madaniyati bilan shuhrat qozongan qadimiy va navqiron Marg’ilon shahrida an’anaviy “Atlas bayrami” milliy matolar festivali boshlandi. Mazkur festival yurtimiz hunarmandlari, san’at ustalari, horijlik hamkorlar va sayyohlarni shahar bag’rida to’pladi.
YuNESKOning O’zbekistondagi vakolatxonasi, YuNESKO ishlari bo’yicha O’zbekiston Milliy komissiyasi, DiViVI (DVV) xalqaro kompaniyasi, «Hunarmand» uyushmasi, viloyat hamda Marg’ilon shahar hokimligi hamkorligida o’tkazilayotgan «Atlas bayrami» uchinchi milliy matolar festivalida 60 dan ziyod xorijlik hamkorlar jam bo’ldi.
Marg’ilon shahridagi “Hunarmand” uyushmasida boshlangan festivalni viloyat hokimi Shuhrat G’aniev kirish so’zi bilan ochdi.
Viloyat rahbari o’z nutqida qadim o’zbek ipakchiligining dovrug’i, hunarmandchiligimizning xalqimiz hayotidagi ahamiyati hamda o’tkazilayotgan tadbir hunar va san’atga mehri baland insonlarning o’zaro fikr va tajriba almashishiga asos bo’lishini ta’kidladi.
Tantanali tadbirda O’zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi Akobir Hakimov, YuNESKOning O’zbekistondagi vakili Dandev Badarch, tashkilotning faxriy a’zosi Maykl Barrilayn, YuNESKOning Almati mintaqaviy filiali rahbari Krista Pikkat xonim va boshqalar so’zga chiqdilar. Ular o’z nutqida mamlakatimizda hunarmandchilikka bo’lgan yuksak e’tibor, o’zbek hunar ustalarining mehnat namunalari dunyoda o’z e’tirofini topayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar.
O’zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamkorligi keng qamrovli. Ta’kidlash o’rinliki, yurtimizning BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo’yicha tashkiloti – YuNESKO bilan o’zaro hamkorligi alohida e’tiborga molik. Xalqlarning ma’naviy dunyosini yuksaltirish, ular o’rtasida o’zaro madaniy va ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash orqali jahonda totuvlik va bag’rikenglik g’oyalarini qaror toptirishga qaratilgan mazkur tashkilot bajarayotgan vazifalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlar bilan hamohangdir.
– Tashkilotimizning asosiy maqsadlaridan biri nomoddiy-madaniy merosni saqlab qolishdan iborat. Uch yil ilgari asos solingan bu bayram ana shu ezgu ishni yanada kengaytirishga, xalqaro mutaxassislarning milliy an’analarga bo’lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi tashkilotning Almati mintaqaviy filiali rahbari Krista Pikkat. – Bu yil unda ishtirok etayotgan davlatlar soni ham birmuncha ortgan. Bir so’z bilan aytganda, festival uning ishtirokchilariga avloddan avlodga o’tib kelayotgan milliy meros, bebaho atlasning yaratilish tarixidan tortib bugungi taraqqiyot bosqichi haqida batafsil ma’lumot beradi.
Bu yilgi festival doirasida amaliy seminar-treninglar, ilmiy konferentsiyalar tashkil etilib, ularda Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston davlatlari, Rossiya Federatsiyasi hamda mamlakatimizning etuk mutaxassislari tomonidan mashg’ulotlar olib borildi. Ana shu saboqlarda ishtirok etgan hunarmandlarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Ochilish marosimidan so’ng anjuman qatnashchilari shahardagi “Yoshlik” xiyobonida viloyatlardan tashrif buyurgan hunarmandlar ko’rgazmasi bilan yaqindan tanishdilar. Milliy dorbozlik va qo’g’irchoq tomoshalari, kurash, Qo’qon va Marg’ilon shaharlari, Quva, Oltiariq tumanlaridagi madaniyat va aholi dam olish markazlarining folklor jamoalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Kechki dasturda YuNESKOning Tinchlik yo’lida elchisi, san’at arbobi, dizayner Bibi Rassel xonim tashabbusi bilan tayyorlangan defile ko’rgazma namoyish etildi.
Festival Marg’ilon shahri bo’ylab davom etmoqda.