Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Dekabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 17 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi


Quva tumani tarixi

 2022-04-11 13:05:19    2135

PDF yuklash
Chop etish


Quva – Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi shahar, 1974 yil 23 iyuldan tuman markazi. Farg‘ona shahridan 40 km sharqda. Yaqin stansiyasi 4 km aholisi 40 ming kishi Quva Farg‘ona vodiysidagi eng qadimgi shaharlardan biri. Shaharning vujudga kelishi va nomi haqida turli rivoyatlar mavjud. “Farg‘ona tarixi”ning muallifi Ibratning yozishicha, Qubod (yoki Qubo) deb atalib, keyinchalik “Quva” shaklini olgan. Quva va Davan davlati to‘g‘risida dastlabki ma’lumotlar miloddan avvalgi 2 asrga mansub Xitoy manbalarida keltirilgan. O‘sha davrda Quva kengayib qo‘handiz, shahriston va rabod kabi uch qismdan iborat bo‘lgan. Shahar tevaragi ikki qator qalin va baland mudofaa devori bilan o‘ralgan. Rabodda baland (3,6 m) yaxlit tagkursi ustida budda ibodatxonasi qad ko‘targan. Ibodatxona 8 asr boshlarida arablar tomonidan vayron qilingan. 9-12 asrlarda Quva Farg‘onaning yirik, ko‘rkam va obod shahriga aylangan. Istaxriyning ta’kidlashicha, Quva kattaligi jihatidan Farg‘onada Axsikatdan keyin ikkinchi shahar hisoblangan. Ibn Havqalning yozishicha, Quva Sayxun (Sirdaryo)gacha yetib boradigan nahr sohilida qad ko‘targan. Uning markazida Registon maydoni, ko‘handizda jome masjidi, rabodida esa saroy, qamoqxona va bozorlari joylashgan. Quva mo‘g‘ullar istilosi oqibatida vayron etilib, 14-16 asrlarda qasaba shaklidagi maskanga aylangan. Yoqut Hammaviy Quvani katta shahar deb ataydi. Shahar Mahmud Qoshqariyning “Devonu lug‘otit turk” asariga ilova qilingan xaritasida ko‘rsatilgan. Quvada hunarmandchilik rivojlangan. Temirchilik va shishasozlik yuksak darajaga yetgan, shaharning o‘z tangasi zarb qilingan. “Boburnoma”da Andijondan 4 og‘och (farsax)narida joylashgan qishloq deb aytiladi. Quvada 1956-60 yillarda Ya. G‘ulomov boshchiligida (V.Jukov, I. Ahrorov, V.A.Bulatova, A.Muhammadjonov, H.Muhamedov, M. Aminjonova) arxeologik qazishma ishlari olib borildi. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rta asrlarda Quvaning umumiy maydoni 100-120 ga ni tashkil etgan. Shundan shahriston 12ga va uning shimoliy-sharqiy burchagidagi arki a’lo 1ga maydonni egallagan (shahriston va ark qoldiqlari hozirgacha saqlangan). 1998 yil Ahmad al-Farg‘oniyning 1200 yillik yubileyiga tayyorgarlik ko‘rish vaqtida Quvada arxeologik qazishmalar olib borildi. Buning natijasida shahristonning mudofaa devori ostidan 8m dan ziyod chuqurlikdan miloddan avvalgi 2-1 asrlarga oid moddiy madaniyat buyumlari topildi. 1998 yildagi qazishma ishlari natijasida shaharning uch darvozasi o‘rni aniqlandi, shahar xarobasi hududidan turar joy binolari majmuasi va uning shimolida 7-8 asrlarga oid budda ibodatxonasi hamda u yerdagi budda ilohlari haykallari topildi. Quvadan bir qancha mashhur kishilar, xususan , Ahmad ibn Muhammad al-Quboviy, Rukniddin Quboviy, Muhammad ibn Muhammad al-Quboviy, Abduqayum Vaxmiy, Shokirjon Hakimiy va boshqalar yetishib chiqqan.Shaharda paxta tozalash, g‘isht mebel, tikuvchilik, qandolatchilik fabrikalari, don mahsulotlari, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari, qurilish tashkilotlari, yo‘llarni ta’mirlash tashkiloti, ta’mirlash –qurilish boshqarmasi, “Issiqnon”, to‘qimachilik korxonalari, dehqon bozorlari, savdo markazi, anor sharbati ishlab chiqaruvchi sex, avtokorxona bor. Bolalar musiqa maktablari, litsey, klub muassasalari, tuman markaziy bolalar kutubxonalari, madaniyat va istrohat bog‘i, baynalminal jangchilar, 2 jahon urushi qatnashchilari xiyobonlari, Ahmad al-Farg‘oniy yodgorlik majmui, o‘lkashunoslik muzeyi, stadion mavjud.