Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Quvada topilgan Budda ibodatxonasi haqida.
2022-04-11 13:37:27 1269
Farg‘ona viloyatining Quva tumanida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar uning ming yillik tarixidan darak beradi.
Farg‘onaning antiqa topilmalari
Farg‘ona viloyatining Quva tumanida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar uning ming yillik tarixidan darak beradi. Shahristondan topilgan manbalar uning yirik hunarmandchilik va savdo markazi bo‘lganligini ko‘rsatmoqda. Quva eramizdan avvalgi IV – III asarlarda paydo bo‘lgan.
Dastlabki arxeologik qazishmalarni O‘zbekiston Respublikasi FA Tarix va arxeologiya instituti xodimlari 1956-1970 yillari akademik Ya. G‘ulomov rahbarligida olib borgan. Arxeologik yodgorlikning turli joylarida qazishmalar o‘tkazilib, arkning X asrda buzilib yaroqsiz holga kelib qolganligi tasdiqlandi. Biroq shahar siyosiy va madaniy markaz sifatida XIII asr boshlariga qadar, ya’ni mo‘g‘ullar tomonidan vayron etilguncha yirik kentlardan biri bo‘lgan.
1957-59 yillarda Quva shahristonida olib borilgan qazishmalar chog‘ida arxeologlar kutilmaganda Budda ibodatxonasiga duch keladi. Xususan, arxeolog Vera Bulatova mazkur ibodatxonaning yo‘laklari va devoriy qoldiqlarini, turli ilohiy mavjudotlar va hayvonlarning haykalchalarini va eng muhimi, Budda haykalining ibodatxona old sahnasida sindirib tashlangan qoldiqlarini topdi. Bu Farg‘ona vodiysidagi yagona Budda ibodatxonasi bo‘lib, islomdan oldingi ijtimoiy-siyosiy muhitni tasavvur qilishdagi inqilobiy topilma hisoblanardi. 1968-1969 yillarda V. Bulatova ibodatxona hududini to‘liq tozalab chiqdi, uning xonalari va hovlisi loyihasini oldi.
Topilmalar restovratsiya qilinib, Toshkentdagi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va O‘zbekiston davlat san’at muzeylariga topshirildi.
Tarix fanlari nomzodi Nodirbek Abdulahadovning yozishicha, bu ibodatxona Farg‘ona vodiysida yagona bo‘lib, hozirga qadar tadqiqotchilarning diqqat e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Chunki Quvadagi bu inshoot mutaxassislarning fikricha, Xitoy bilan So‘g‘d orasidagi hududda yagona bo‘lgan Budda ibodatxonasi ekanligi e’tirof etilgan. Bundan tashqari mazkur nodir topilma VII asrda Farg‘onada buddaviylik dini tarqalganidan ham dalolat beradi.
Quva shahristonining shimoliy qismida joylashgan katta to‘g‘ri burchakli hovli (11, 9x11,2 m) va ibodatxonadan (21x41 m) iborat bo‘lgan diniy majmuaning kirish qismida, yer sathidan bor yo‘g‘i 40 sm. chuqurlikda ko‘milib yotgan inson gavdasidan ikki marta katta bo‘lgan budda haykali qazishmalar chog‘ida aniqlangan edi. Bu haqda tarixchi olim Yo‘lchiboy Qosimov shunday yozgan edi: “Quvada qazib olingan budda ibodatxonasi ikki xonadan iborat bo‘lib, har birining alohida kirish joy bo‘lgan…
Unga kiraverishda otlarning g‘oyat katta haykallari va peshonasida bosh suyagi tasvir etilgan sersoqol ma’bud haykali o‘rnatilgan. Ibodatxona ichidan qandaydir ma’budalar haykallarining parchalari topildi, ular budda ibodatxonasiga mansub haykallar bo‘lganligi aniq…Buddaning yapalog‘roq yuziga “Hamma narsani ko‘radigan” uchinchi ko‘z ham o‘yilgan. Buddaning badani chiroyli qilib qo‘ng‘iroqli zar-jiyaklar bilan bezatilgan, kiyimlariga yorqin ko‘k va boshqa xilma-xil ranglar berilganligi Buddaning haykali juda diqqat bilan puxta ishlanganligini ko‘rsatadi. Budda bu yerda taxtda emas, balki kiraverish qarshisidagi markaziy devorga tutashgan supada o‘tirgan qiyofada bo‘lsa kerak. Arxeologlar Buddaning haykalini qazib ochishgach, uning o‘tirgan joyidan ag‘darib tashlanganligini aniqladilar”.
Budda haykalining turgan holatiga ko‘ra, u arablarning harbiy yurishi davrida vayron etilgan bo‘lib, haykaldagi ko‘plab qilich izlari bundan dalolat berar edi. Mazkur budda haykali va ibodatxona o‘zining ko‘rinishi jihatidan Sharqiy Turkistondagi buddaviylik diniga mansub ibodatxonalarni eslatar edi. Bu esa Quvada buddaviylik dinining rivojlanishida Buyuk Ipak yo‘lining ta’siri bo‘lganligidan dalolat beradi.
Bu haqda qadimshunos olim Shokir Pidayev jumladan shunday yozadi: “O‘zbekiston janubidan tashqari, buddaviy yodgorliklar Farg‘ona vodiysida ham ma’lum bo‘lgan. Bu yerda u hozircha VII-VIII asrlarda Quva shahridagi ibodatxona majmui timsolida namoyon bo‘lgan.
Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, Quvada buddaviy ibodatxonaning bunyod etilishi buddaviylikning yangi yo‘nalishi-vajrayana bilan bog‘liq bo‘lib, uning shakllanishi milodiy I ming yillik o‘rtalariga borib taqaladi. Quva ibodatxonasi oldi eshikli imoratlari bo‘lgan katta to‘g‘ri burchakli hovli va ibodatxonadan iborat bo‘lgan. Quva ibodatxonasining o‘ziga xos tomoni -ikki ibodatxonaning yonma-yon joylashganligidir.
Ibodatxona budda mifologiyasining haykal ko‘rinishidagi turli siymolari-yaratuvchanlik ma’budini ifodalovchi Maxeshvara, barcha Buddalarning yengilmaslik ramzi bo‘lmish Bodxisatva Vajrapani, Buddaning o‘zi, Vajraxari, odatda turli qo‘rqinchli iblislar qiyofasida tasvirlangan dik va daklar bilan bezatilgan. Quva ibodatxonasidagi haykallar Baqtriya -Toharistonda keng tarqalgan loy-ganch plastika texnikasi asosida ishlangan. Shu bilan birga, ularning o‘ziga xos jihati ko‘zlar o‘rniga qora va oq toshlar qadalishidadir Bu usul ko‘proq Sinszyan haykaltaroshlik maktabiga xos. Ular o‘rtasidagi farq ikonografiyada haykallarning ayrim bo‘laklarini ko‘k rangga bo‘yashda va eng asosiysi ba’zi haykallarning ko‘rqinchli ko‘rinishda ifoda etilishida kuzatilgan. Quva haykallari ilk o‘rta asrlar boshlaridagi Xo‘tan buddaviy mavzulari bilan o‘xshashlik topadi. Bu – Quvada buddaviy ibodatxonanig paydo bo‘lishi beixtiyor Farg‘onaning Xotan bilan yaqin aloqalari va ehtimol, u o‘sha vohadan kelib chiqqan kishilar tomonida qurilgan va bezatilgan, deb taxmin qilish imkoni beradi”.
Buddaviylik diniga doir asori-atiqalar Quva shahristonida keyingi davrlarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar chog‘ida ham aniqlangan. 2002 yili Quva shahristonining shimoli — sharqiy qismida ustozimiz tarix fanlari nomzodi G.P.Ivanov boshchiligida olib borilgan navbatdagi qazishmalar chog‘ida 280 sm. chuqurlikda duch kelingan.
Ta’kidlash joizki, buddaviylik qadimgi Quva aholisining sig‘ingan yagona dini bo‘lmagan. 1956-1958 hamda 1997-1998 yillardagi qazishmalarda moniylik, otashparastlik dini bilan bog‘liq topilmalar ham aniqlangan.