Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
HOKIM VA YOSHLAR UCHRASHUVI
2020-01-09 19:57:27 840
Farg’ona tumanidagi yoshlar bilan Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyevning uchrashuvi Vodil markazidagi maydondayoq boshlandi. Yosh tadbirkor va ishlab chiqaruvchilar, san'atkorlar va sportchilar hokim bilan muloqot qilar ekan, ularning savollariga batafsil javob berildi. Ular hech tortinmay murojaat qilar ekanlar, har bir muammolariga yechim topar edilar.
Uchrashuvga kelgan bir necha yuz yigit-qizlardan viloyat hokimi tuman hududida tug’ilib elga tanilgan insonlar haqida so’radi. Hazrat Xuvaydo va uning satarlarini yoddan aytib berganlarga sovg’a e'lon qildi. Keyin nega bunday savol tashlaganiga izoh berib, har bir yosh o’z mahallasi, qishlog’i, tumani, viloyatining mashhur odamlari, ularning ibratli ishlarini demakki, xalq, vatan tarixini bilishi kerak, dedi hokim.
Darhaqiqat, asli Farg’ona tumanidan bo’lgan davlat arbobi Usmon Yusupov, kuragi yer ko’rmagan polvon Tursunali Mamajonov, xalq shoiri Oxunjon Hakimov kabi nomlar butun mamlakatga ma'lum.
Muloqot chog’ida Saodatxon Ibrohimova taklifi bilan Chimyon qishlog’ida kutubxona ochiladigan bo’ldi va uni jihozlashga viloyat hokimi 300 mln. so’m ajratdi. Shohimardon qishlog’idagi stadionda yosh futbolchilar maktabi ochish taklifi ham qabul qilindi. Ahliddin Ashuraliyev “Kaptarxona” qishlog’ida suv havzasi tashkil etishni so’radi. Yoshlarning taklifi bilan “Yoshlarobod” markaziy o’yingohida viloyat hokimi kubogi musobaqasining bosqich o’yinlari o’tkaziladigan bo’ldi.
Jumanazar To’ychiyevga tibbiyot tarmog’i qurish uchun 300 mln. so’m, Kibriyo Xomidovaga go’zallik saloni ochish uchun 35 mln. so’m imtiyozli kredit, Muhammadqodir Xolmatovga issiqxona uchun yer ajratildi, Muhabbatxon Jo’rayevaga tikuv mashinasi, Asadbek Muxsinovga nogironlik aravachasi shu yerning o’zidayoq topshirildi. Shohimardon va Yordon qishlog’iga O’zbekiston Davlat bayrog’i o’rnatish haqidagi Sevinch Ergashevaning taklifi ham ma'qullandi.
Viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev viloyat hokimligi hisobidan Farg’ona tumani maktablari uchun 250 ta kompyuter, kutubxonalarga esa kitob zaxirasini to’latishga 250 mln. so’m mablag’, Shohimardon va Yordon qishlog’i yoshlari hamda nuroniylarga xizmat ko’rsatishga deb 2 ta “ISUZU” avtobusi sovg’a qilishini aytdi.
Uchrashuvda albatta she'rxonlik bo’ldi, yosh hofiz Alyorbek Shodiyev esa dutor chertib kuylab berdi. Shuhrat G’aniyev Alyorbekka soz sotib olishi uchun bankda shaxsiy hisob raqami ochib 5 mln. so’m o’tkazib berishini e'lon qildi.
Olmos To’xtasinova ayollar o’rtasida boks musobaqalarida mamlakatda ikkinchi o’rinni egallaganini va endi Tokio olimpiadasiga yo’llanma beradigan saralash musobaqasiga tayyorlanayotganini gapirganida anjumanda ishtirok etayotgan nuroniylar unga oq fotiha berdilar. Viloyat hokimi esa Olmos To’xtasinovaga tayyorgarlik jarayonida uni qo’llab-quvvatlash uchun 25 mln. so’m ajratdi.
Yoshlar nomidan so’zga chiqqan Zulxumor Gulasheva ularga munosib shart-sharoit yaratib berayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyevga cheksiz minnatdorchilik bildirdi.
XX XX XX
Shu kuni Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyev Quvasoy shahar yoshlari bilan kichik sanoat zonasida uchrashdi. Dastlab ular bu yerda faoliyat ko’rsatayotgan korxonalar bilan tanishdilar.
“Quvasoy Besteks” MChJ tikuvchilik korxonasida hozir 130 ta chevarlar ishlamoqda. Turkiyalik investor Serkenbe yuz foiz paxta tolasidan tikilayotgan mahsulotlarni xorijga eksport qilish uchun shartnomalar tuzganligini aytdi.
-Biz kuni kecha yana yangi tikuv dastgohlarini o’rnatdik va yuz nafar yoshlarni ishga qabul qilishga tayyormiz,-deydi Serkenbe.
-Quvasoylik yoshlar bilan uchrashuvni aynan kichik sanoat zonasida, ishlab chiqarish tsexida o’tkazayotganimiz bejiz emas,-deydi viloyat hokimi.-Siz aziz yoshlarga yangi ishchi o’rni yaratish biz, rahbarlar uchun ustuvor vazifadir.
Hokim ijodkor, sportchi yoshlar qurshovida allaqancha vaqt muloqotda bo’ldi.
-Quvasoylik parolimpiada g’olib va sovrindorlari, sportchi yoshlarni qo’llab-quvvatlashga 1,5 mlrd. so’m mablag’ ajratamiz,-dedi Shuhrat G’aniyev.
Ma'lumki, Quvasoy chegara bilan tutashgan shahar. Uchrashuvda yosh chegarachilarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab sovg’alar berildi.
Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyevning yoshlar bilan uchrashuvlari davom etmoqda.
Farg’ona viloyati hokimligi Axborot xizmati.