Yangichek mahallasining Bo‘zaxo‘r ko‘chasida elektr ta’minoti yaxshilanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan joylarda aholining muammolarini o‘rganish, ularga amaliy yechim topish maqsadida tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan Quva tumanida izchil ishlar olib borilmoqda. Ushbu ishchi guruh joylardagi aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish orqali turli sohalardagi dolzarb muammolarni aniqlamoqda va ularni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Shunday muloqotlar jarayonida Yangichek mahallasidagi Bo‘zaxo‘r ko‘chasi aholisi tomonidan elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammo ko‘tarildi. Aholi ma’lum vaqtdan buyon elektr ta’minotidagi uzilishlar va kuchlanish pastligi kabi muammolarni bildirib o'tdi.
Murojaat yuzasidan Respublika ishchi guruhi tomonidan tezkor chora ko‘rildi va muammoni hal etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi. Xususan, Bo‘zaxo‘r ko‘chasida 200 metr uzunlikdagi yangi, xavfsiz va zamonaviy SIP (izolyatsiyalangan o‘zini ko‘taruvchi provod) kabellar tortish ishlari olib borilmoqda. Bu esa nafaqat elektr ta’minotining barqarorligini ta’minlaydi, balki kelgusida uzilishlar va elektr uskunalariga yetadigan zarar xavfini kamaytiradi.
Aholi tomonidan bildirilgan minnatdorchilik so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, joylarda tashkil etilgan bunday muloqot va yechimga qaratilgan yondashuvlar o‘z samarasini bermoqda. Respublika ishchi guruhining tashabbus va amaliy faoliyati orqali aholi hayoti sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlar yanada kuchaymoqda.