Odam savdosining oldini olish va odam savdosiga qarshi kurashishning dolzarbligi
Hozirgi vaqtda odam savdosi o‘ta murakkab va ijtimoiy xavfli hodisa tusini olgan bo‘lib, u tomonidan etkazilayotgan zararni amalda hisobga olish imkoniyati yo‘qdir. Bu esa turli xil jinoyatlarni sodir etilishiga turtki bo‘ladi.
Odam savdosi jinoiy faoliyatning o‘ta xavfli va tahqirlovchi turidir. Tahqirlanish shunda namoyon bo‘ladiki, mazkur jinoyat qullikka o‘xshash shakllarda sodir qilinadi. Bundan tashqari, insonni ekspluatasiya qilish, insonni “tovar” sifatida sotish, inson omilllaridan foydalanish yo‘li bilan daromad orttirish bilan bog‘liqligi sababli tahqirlovchi mazmun-mohiyat kasb etadi.
Shu bilan birga odam savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat uchun jazo choralarini kuchaytirish va mazkur jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosib sanksiyalarni belgilash zaruriyati yuzaga kelayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 19 may kuni “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ 1065-sonli Qonuni qabul qilindi.
Ushbu Qonun odam savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat sodir etilishi hollarining oldini olishga, odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga odam savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatni sodir etganlik uchun jazo choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritildi.
Jumladan JK 135-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilishi belgilandi:
“O‘sha harakatlar:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan;
v) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;
g) aybdorga moddiy jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram bo‘lgan shaxsga nisbatan;
d) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
e) xizmat mavqeidan foydalangan holda;
j) jabrlanuvchini O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan olib o‘tgan holda yoki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda;
z) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo‘ygan, yashirgan yoxud yo‘q qilib yuborgan holda;
i) inson a‘zolarini va (yoki) to‘qimalarini olish maqsadida;
k) fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etish maqsadida sodir etilgan bo‘lsa, -
besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) o‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali sodir etilgan bo‘lsa;
b) o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa;
v) takroran yoki xavfli residivist tomonidan yoxud ushbu Kodeksning 137-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan;
g) o‘ta xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
d) jabrlanuvchining o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa;
e) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, -
o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.
Odam savdosiga qarshi kurashish qonuniylik, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi, odam savdosidan jabrlanganlarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ijtimoiy hamkorlik, ijtimoiy himoyalash kabi prinsiplarga asoslanadi.
Xulosa o‘rnida ta‘kidlash kerakki, odam savdosi jinoyati aksariyat hollarda aldov usuli bilan amalga oshirilayapti. Shu sababli jinoyatlarning oldini olish maqsadida mehnat jamoalarida, mahallalarda profilaktika maqsadida uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish, sodir etilgan jinoyatlarning sabablarini va ularning oqibatlari fuqarolarga etkazib turilishini ta‘minlash lozim.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Quva tuman sudinig raisi A.Raximov