Maxsus imkoniyatlar

Ekran o'lchami:

50 %

Shrift o'lchami:

50 %
Saytni baholash
174
26
Sayt test rejimida ishlamoqda...
192026-01-06 17:33

ISSIQXONALARDA AHOLIGA FITOSANITAR TAVSIYALAR BERILMOQDA

http://api3.fergana.uz/files/150800/news/file-2112404835368085.jpg
http://api3.fergana.uz/files/150800/news/file-2112404835369280.jpg
http://api3.fergana.uz/files/150800/news/file-2112404835371670.jpg
Quva tumanidagi “Akbarobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi mirishkor dehqon Oybek A’zamov bundan olti yil avval xonadonidagi 10 sotix yer maydonida issiqxona qurib, bugunga qadar yaxshigina daromad qilib kelmoqda. Ayni paytda uning issiqxonasida “Seleta F1” navli rediska yetishtirilmoqda. Issiqxonada yilning to‘rt faslida ham turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish imkoni mavjud. Bu esa tadbirkorga nafaqat oila daromadini oshirish, balki yetishtirilgan mahsulotlarni bozorga chiqarib, xaridorlar talabini qondirish imkonini ham yaratadi. Issiqxonaga kirganingizda qator-qator bo‘lib, yerga yulduzlar kabi tizilgan rediskani ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi. Albatta, bunday barakali hosilga erishish zamirida tinimsiz mehnat, sabr-toqat va o‘z ishiga bo‘lgan mehr yotadi. – Agar inson boshlagan ishiga mehr bilan, astoydil yondashsa, albatta, samarasini ko‘radi, – deydi Oybek A’zamov. – Men buni o‘z faoliyatim misolida his qilyapman. Qishloq xo‘jaligi sohasida yetarli bilim olyapman. Ilgari boshqalarning issiqxonasidagi rediska, qulupnay, bodring, qalampir va pomidorlarni ko‘rib havasim kelardi. Shu bois bu ishga jiddiy kirishdim. Turli ekinlarni ekib, sinab ko‘rdim. Ayni paytda biz yetishtirayotgan rediska ham bozor rastalarini to‘ldirmoqda. Sifatli va raqobatbardosh mahsulot yetishtirishda viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining Quva tuman bo‘limi mutaxassislari ham amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Fitosanitariya inspektori Matluba Sharipovaning ta’kidlashicha, avvalo, yer unumdorligini oshirish, ilg‘or texnologiyalardan samarali foydalanish, turli kasalliklarga qarshi kurashish va har bir ekinni mehr bilan parvarishlash muhim. Shuningdek, issiqxonalarda o‘simliklar uchun zarur mikroiqlimni yaratish, ularni o‘z vaqtida mahalliy o‘g‘itlar va ozuqa moddalari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mirishkor dehqon kelgusida issiqxonani yanada zamonaviylashtirib, faoliyat ko‘lamini kengaytirishni maqsad qilgan. Bu esa arzon va bozorbop mahsulotlar yetishtirish, sarf-xarajatlarni kamaytirish, bozorlarimizni yil davomida to‘kin-sochin mahsulotlar bilan ta’minlash hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!

Tavsiya etamiz