Aql, bilim va vatanparvarlik uyg‘unligi: “Zakovat” bellashuvi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Quva tumani Axborot-kutubxona markazida tuman hokimligi tashabbusi bilan huquq-tartibot idoralari xodimlari ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Mazkur tadbir Vatan himoyachilari o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash, ularning intellektual salohiyatini oshirish, shuningdek, xizmat faoliyati bilan birga bilim va tafakkurni rivojlantirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Intellektual bellashuv davomida ishtirokchilar huquq, tarix, vatanparvarlik, zamonaviy bilimlar hamda umumiy tafakkurga oid savollar yuzasidan o‘z bilim va zehniyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Musobaqa qiziqarli va keskin bahslar asosida o‘tib, har bir jamoa g‘alaba uchun bor imkoniyatlarini ishga soldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Ichki ishlar bo‘limi xodimlari jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari jamoasi 2-o‘rinni, Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib ravishda taqdirlandi. Tadbir ishtirokchilari ushbu intellektual o‘yin xizmat faoliyati bilan bir qatorda jamoaviylik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilganini ta’kidlashdi.